Sun’iy intellekt kundalik ishlarimizning ajralmas qismiga aylanib borayotgan bir paytda, Anthropic undan foydalanish odatlariga e’tibor qaratadigan yangi funksiyani taqdim etdi. Kompaniya Reflect nomli beta funksiyasini ishga tushirdi. U foydalanuvchilarga Claude bilan qanday ishlayotganini tahlil qilish, foydalanish odatlarini ko’rish va AI’dan yanada ongli foydalanishga yordam berishni maqsad qilgan.
Spotify Wrapped yoki YouTube Recap kabi xizmatlarni eslatadigan Reflect bu safar musiqa yoki videolarni emas, balki sun’iy intellekt bilan bo’lgan muloqotlarni tahlil qiladi. Reflect paneli foydalanuvchilarga Claude bilan ishlash bo’yicha batafsil statistikani taqdim etadi. Unda oxirgi bir oy, uch oy, olti oy yoki bir yillik faoliyatni ko’rish mumkin. Dashboard orqali foydalanuvchilar:
- Claude’dan eng ko’p qaysi maqsadlarda foydalanganini;
- Qaysi mavzular ustida ko’proq ishlaganini;
- Qaysi kun va soatlarda eng faol bo’lganini;
- Foydalanish odatlarining vaqt davomida qanday o’zgarganini kuzatishi mumkin.
Reflect’ning asosiy farqi shundaki, u faqat raqamlarni ko’rsatib qolmaydi. Dashboard foydalanuvchini AI bilan ishlash uslubi haqida o’ylashga undovchi savollarni ham taqdim etadi. Masalan, Claude ba’zan:
- «Qaysi ishni Claude bajara olsa ham, uni o’zingiz qilishni davom ettirmoqchisiz?»
- «Claude’dan foydalanishingiz maqsadlaringizga mos kelayaptimi?»
kabi savollarni beradi. Anthropic’ning ta’kidlashicha, bu yondashuv foydalanuvchilarda AI’dan ongli va muvozanatli foydalanish odatini shakllantirishga qaratilgan.
Reflect tarkibida qo’shimcha funksiyalar ham mavjud. Foydalanuvchilar Quiet Hours rejimi orqali Claude ularni bezovta qilmaydigan vaqt oralig’ini belgilashi mumkin. Bundan tashqari, uzoq vaqt davomida ishlayotgan foydalanuvchilar uchun Break Reminder funksiyasi tanaffus qilishni eslatadi. Anthropic kelajakdagi yangilanishlarda Claude’da o’tkazilgan umumiy vaqtni ko’rsatadigan screen time statistikasi ham qo’shilishini ma’lum qilgan.
Reflect hozircha Free, Pro va Max tariflaridagi foydalanuvchilar uchun beta rejimida taqdim etilgan. Funksiyadan foydalanish uchun Memory funksiyasi yoqilgan bo’lishi kerak. Dashboard Claude’ning web va desktop ilovalaridagi Settings → Reflection bo’limida joylashgan. Shuningdek, kompaniya maxfiylikka ham alohida e’tibor qaratgan. Incognito chatlar Reflection tarixiga kiritilmaydi va tashqi servislar bilan bog’langan ma’lumotlar mazmuni tahlil qilinmaydi.
OpenAI, Google va Microsoft ko’proq AI agentlari va avtomatlashtirish texnologiyalarini rivojlantirishga e’tibor qaratayotgan bir paytda, Anthropic boshqa yo’nalishni tanladi. Kompaniya foydalanuvchilarga AI’dan qanday foydalanayotganini tushunishga yordam beradigan vositani taqdim etdi. Bu esa AI mahsulotlari rivojlanishida yangi yo’nalishning boshlanishi bo’lishi mumkin. Endilikda raqobat faqat eng kuchli modelni yaratish emas, balki foydalanuvchilarga sun’iy intellektdan yanada samarali va ongli foydalanishga yordam beradigan vositalarni ishlab chiqish orqali ham kechishi mumkin.















