Kichik biznes egasi kredit olish uchun endi bankma-bank yurmaydi. Aksincha, banklar o’zi unga yetib keladi. Markaziy bank raisi Timur Ishmetov o’tkazilgan yig’ilishda yangi raqamli moliyaviy platforma haqida ma’lumot berdi. Unda kichik biznes egalari kredit arizasini bir marta joylashtirib, bir necha bankning taklifini taqqoslab, o’ziga qulay shartlarni tanlash imkoniyatiga ega bo’ladi. Platformaning operatori «Axborotlashtirish bosh markazi» MChJ ishtirokidagi yuridik shaxs bo’ladi.
Ikkita asosiy maqsad
Birinchisi — tadbirkorlar uchun qulaylik. Hozir kichik biznes egalari har bir bankka alohida borib, o’z kreditga layoqatliligini isbotlashga majbur. Yangi tizimda banklar yaxshi mijoz uchun o’zlari raqobatlashadi.
Ikkinchisi — skoring past bo’lgan mijozlarga turtki berish. Platforma tizimi ularga qaysi sohalarda moliyaviy intizom zaifligi borligini ko’rsatib, yaxshilash uchun aniq yo’l ochib beradi.
An’anaviy skoring o’rniga — 27 ta manbadan ma’lumot
Platforma 27 ta vazirlik va idoraning ma’lumotlari asosida muqobil skoring modeli yaratadi. Bu model faqat bank hisobotlariga emas — aylanmalar, kommunal to’lovlar, soliq va bojxona ma’lumotlariga ham tayanadi.
Kichik biznesga ajratiladigan kreditlarning YIMdagi ulushi hozirgi 12% dan 20% gacha oshirilishi, miqdorda esa 218 trln so’mdan 654 trln so’mga yetkazilishi rejalashtirilgan. 2028 yil 1-aprelga qadar nobank kredit tashkilotlari, lizing kompaniyalari va fintech bozori ishtirokchilari ham platformaga ulanadi. Platforma 2026-yil 1-iyuldan ishga tushadi.

















