MA7 Ventures Silikon vodiysining eng yorqin AI-startaplaridan biri bo‘lgan Higgsfield kompaniyasiga $3,1 million dollarlik investitsiya kiritganini ma’lum qildi. Ushbu raund — yirik Series A raundidan oldin odatda qo‘llaniladigan bridge-round hisoblanadi.
MA7 Angels Club sindikati orqali Markaziy Osiyodan 50 dan ortiq investorlar Higgsfield’ga 3,1 million dollar (bridge-round) va qo‘shimcha 600 ming dollar (Series A) miqdorida sarmoya kiritdilar. San-Fransiskoda joylashgan va qozoq tadbirkor tomonidan asos solingan kompaniya yangi avlod generativ video texnologiyalarini yaratmoqda. Mazkur kelishuv mintaqa xususiy investorlariga global darajadagi loyihaga kirish imkonini berdi — unda allaqachon dunyoning yirik o‘yinchilari strategik hamkor sifatida ishtirok etmoqda.
Bu imkoniyatni mintaqadagi investorlar uchun Murat Abdrakhmanov va Yeljan Kushekbayev kabi venchur investorlar ochib berdi. Abdrakhmanov Higgsfield’ning ilk va eng birinchi investori bo‘lib, kompaniya hali mahsulot yaratmagan, g‘oya bosqichida bo‘lgan paytda loyihani qo‘llab-quvvatlagan. Uning strategik ishonchi natijasida sarmoya “qog‘ozda” 60 baravardan ortiq o‘sdi va mintaqada venchur xavf me’yorining ramziga aylandi.
Kelishuv sindikat formatida amalga oshirildi, bu esa ko‘plab xususiy investorlarning kapitalini bitta investitsiyada birlashtirish imkonini beradi. Ushbu tranzaksiya butun Markaziy Osiyo venchur ekotizimiga muhim signal berdi: mintaqa biznes-farishtalari nafaqat global loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda, balki yetakchi xalqaro investorlar bilan bir qatorda bozorga ham kirib kelmoqda.
Yaqinda Higgsfield asoschilari 50 million dollarlik Series A raundini e’lon qildi. Raundga GFT Ventures boshchilik qilmoqda, shuningdek BroadLight Capital, NextEquity Partners, AI Capital Partners va Menlo Ventures ham ishtirok etmoqda. Platforma ishga tushirilganidan atigi besh oy o‘tib, allaqachon 11 milliondan ortiq foydalanuvchini jalb qildi va ijtimoiy tarmoqlarda 1,2 milliarddan ortiq ko‘rishlarga erishdi. Bu esa loyihaning tezkor o‘sishi va ulkan salohiyatidan dalolat beradi.
MA7 Ventures — Markaziy Osiyoning eng yirik biznes-farishtasi Murat Abdrakhmanov tomonidan asos solingan venchur ekotizim. U o‘zida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya fondini, farishta klubini va xalqaro hamjamiyatni birlashtiradi. Higgsfield’ga investitsiya mintaqa investorlarining global venchur xaritada munosib o‘rin egallashi mumkinligini yana bir bor tasdiqladi.
Higgsfield kompaniyasiga Yerzat Dulat va Alex Mashrabov asos solishgan. Mashrabov ilgari Snap kompaniyasida Generativ AI bo‘limi rahbari bo‘lgan, shuningdek AI Factory startapining hammuassisi — u keyinchalik Snap tomonidan 166 million dollarga sotib olingan. Yerzat Dulat — sun’iy intellekt bo‘yicha muhandis va tadqiqotchi bo‘lib, Higgsfield g‘oyasining muallifi va ilmiy konsepsiyasining asoschilaridan biridir.

















