Yangi qonun loyihasi 2100-yilgacha amal qiladigan maxsus huquqiy rejim va soliq imtiyozlarini joriy etishni nazarda tutadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat Toshkentdagi “Enterprise Uzbekistan” markazi faoliyatini tartibga solishga qaratilgan. Markaz hududida soddalashtirilgan ro‘yxatdan o‘tish, litsenziyalash va boshqa biznes tartib-taomillarini o‘z ichiga olgan maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Shuningdek, tijorat operatsiyalari xalqaro standartlar asosida tartibga solinadi.
Qonun bilan alohida soliq va bojxona tartibi ham o‘rnatilmoqda. Unga ko‘ra, faoliyatning qator turlari 2100-yilgacha soliqlardan ozod etiladi, texnologiyalar, uskunalar va materiallar olib kirish esa soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, hujjatda markaz ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham belgilangan. Xususan, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish va boshqarish uchun “yagona darcha” tizimini yaratish, shuningdek, investitsiyalar va intellektual mulk himoyasini kafolatlash ko‘zda tutilgan.
Qonun loyihasi tadbirkorlik yo‘lidagi ma’muriy to‘siqlarni sezilarli darajada kamaytirish va biznes bilan davlat organlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning aniq mexanizmini belgilashga xizmat qiladi. Markaz ishtirokchilari davlat xizmatlaridan “yagona darcha” formatida foydalanishlari, nizolarni hal qilishda esa xalqaro huquq normalarini qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Eslatib o‘tamiz, IT Park hududida ingliz huquqini joriy etish rejalari 2023-yil dekabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrifi chog‘ida muhokama qilingan edi. O‘shanda rezidentlar uchun soliq imtiyozlarini 2040-yilgacha uzaytirish va sohani kelgusi 100 yil davomida rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish haqida so‘z borgan edi.
2025-yil noyabr oyida Prezident “Enterprise Uzbekistan” markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida farmon imzoladi. Markaz hududida Angliya va Uels huquqi normalari hamda yetakchi xalqaro moliya markazlari standartlariga asoslangan maxsus huquqiy rejim amal qiladi.
Joriy yilning yanvar oyida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Prezident tomonidan “Enterprise Uzbekistan” uchun qonunchilik bazasini yaratishni tezlashtirish topshirig‘i berilganini ma’lum qilgan edi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yangilik xorijiy kompaniyalarning mamlakat bozoriga kirishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Mart oyida Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotda “Enterprise Uzbekistan” markazida 2100-yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi. Ushbu rejim doirasida yangi yechimlarni sinovdan o‘tkazish, ish haqini xorijiy valyutada to‘lash va xalqaro mehnat standartlarini joriy etish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Avvalroq Pivot Enterprise Uzbekistan markazi haqida ma’lumot bergan edi.

















