Onlayn xaridlar odatda keragidan ortiq murakkab jarayonga aylanib bormoqda. Ko‘plab kompaniyalar bu muammoni hal qilishga urinayotgan bo‘lsa-da, ularning aksariyati mavjud tizimlarni takomillashtirish bilan cheklanmoqda. OneText esa bu jarayonni butkul yangicha yondashuv bilan o‘zgartirishga bel bog‘lagan: xaridorlar xaridni oddiygina SMS orqali yakunlay olishadi.
PayPal kompaniyasining sobiq xodimlari tomonidan asos solingan OneText yaqinda 4,5 million dollarlik boshlang‘ich investitsiyani jalb qildi. Moliyalashtirishda Khosla Ventures, Coatue, Citi Ventures, Y Combinator, shuningdek, Warby Parker, Allbirds va Harry’s asoschilari tashkil etgan Good Friends jamg‘armasi va Muse guruhining yetakchisi Matt Bellamy ishtirok etdi.
Kompaniya asoschisi va bosh direktori Jonatan Fudem bu g‘oyaga PayPal’dagi to‘lovlar bo‘limida ishlagan davrida kelgan. U yangi startaplar qanday qilib foydalanuvchiga qulay interfeys yaratishsa ham, mavjud to‘lov tizimini almashtirishga ko‘plab savdogarlarni ko‘ndira olmasliklarini kuzatgan.
“Bu — juda qiyin vazifa. Ko‘p hollarda savdogarlar hatto qaysi to‘lov tizimidan foydalanishni o‘zlari tanlay olmaydi. Bu ularning e-commerce platformasi tomonidan belgilanadi,” — deydi Fudem.
OneText bu muammoni shunday hal qiladiki, savdogarga mavjud sayt to‘lov tizimini o‘zgartirish shart emas — xaridlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri SMS orqali amalga oshiriladi. Instagram yoki WhatsApp kabi platformalar ham o‘z e-commerce imkoniyatlariga ega bo‘lsa-da, Fudemning fikricha, brendlar mijozlar bilan bevosita va nazorat qilinadigan aloqani saqlab qolishlari muhim.
OneText o‘zini oddiy SMS marketing xizmatlaridan farqli deb biladi. U massaviy, shaxsiylashtirilmagan xabarlar va havola spamlariga asoslanmagan. Aksincha, sun’iy intellekt asosidagi ikki tomonlama muloqot va inson aralashuvi bilan ishlaydigan tizim orqali xaridlar sonini 20–30% ga oshiradi.
Tizim quyidagi imkoniyatlarni beradi:
- Xarid savatini tiklash (cart recovery),
- Xariddan keyingi qo‘shimcha takliflar (upsell),
- Mijozga mos mahsulot tavsiyalari.
Tizim ichida OneText o‘zining maxsus raqamli hamyonini ishga tushirgan bo‘lib, xaridni mavjud to‘lov tizimlari orqali yakunlaydi. Xaridor birinchi xariddan so‘ng to‘lov ma’lumotlarini xavfsiz saqlab qo‘yadi va keyingi xaridlarni shunchaki SMS javobi orqali amalga oshira oladi.
Bu usul, Fudemning ta’kidlashicha, mehmonxonada xizmat haqlarini xonaga yozdirib qo‘yishga o‘xshaydi.
To‘lovlar esa “rozilik asosidagi avtomatlashtirish” orqali bajariladi: brend qayta buyurtmani amalga oshirmoqchi bo‘lsa, OneText xaridorga SMS yuboradi va 24 soat ichida rad etilmasa, to‘lov avtomatik tarzda amalga oshadi.
Kelgusida OneText o‘z tarmog‘ini kengaytirishni rejalashtirmoqda — xaridorlar o‘z profillari orqali bir nechta brendlarda oldindan to‘ldirilgan ma’lumotlar va shaxsiy tavsiyalar bilan xarid qila olishlari mumkin bo‘ladi.
Bu orqali kompaniya bir nechta brendlar orasida ishlaydigan, SMS orqali xarid qilishga mo‘ljallangan yagona to‘lov tarmog‘ini yaratmoqchi.
“Eng zo‘r, qulay va tez ishlaydigan iste’molchiga mo‘ljallangan raqamli hamyon yaratish oson emas,” — deydi Fudem. “Ammo biz mobil raqam orqali ishlaydigan kuchli va sodda platformani qurmoqdamiz. Bu orqali tarmoq barpo qilamiz.”
OneText 2023-yilda Y Combinator akseleratori orqali rivojlanishni boshlagan. Bugun platforma yiliga 10 milliondan 100 million dollargacha aylanmaga ega o‘rta biznes brendlari bilan hamkorlik qilmoqda. Kichik startaplarga ham, yirik kompaniyalarga ham xizmat ko‘rsatmoqda.
“Biz yilma-yil 3 barobarga o‘smoqdamiz va millionlab daromad olayapmiz,” — deydi Fudem, kompaniyani texnik direktor Daniel Brain bilan birga asoslagan.















