Vazirlar Mahkamasi 2026-yil 5-iyunda №288-son qaror bilan President AI Award tanlovining yangilangan nizomini tasdiqladi. Hujjat 2025-yil 22-oktyabrdagi PF-189-son Farmonga asosan qabul qilingan bo’lib, avvalgi President Tech Award formatini almashtirmay, uni sun’iy intellektga ixtisoslashgan mustaqil tanlov sifatida to’ldiradi.
Tanlov uch yo’nalishni qamrab oladi: «Eng yaxshi startap», «Akselерatsiya» va «Inkubatsiya». Har yili 5 ta yo’nalish bo’yicha o’tkaziladi, ariza topshirish awards.gov.uz portali orqali amalga oshiriladi.
Mukofot va investitsiya
«Eng yaxshi startap» yo’nalishi g’oliblari IT Park Ventures MChJ tomonidan ulush evaziga quyidagi investitsiyalarni oladi: 1-o’rin — $100 000, 2-o’rin — $60 000, 3-o’rin — $40 000. Mablag’ ikki qismda ajratiladi: 50 foizi shartnoma tuzilganidan so’ng 15 ish kuni ichida, qolgan qismi esa bir yil davomida KPI bajarilishiga qarab o’tkaziladi.
Inkubatsiya yo’nalishi bo’yicha 25 ta jamoa grant sifatida jami $1,000,000, akselеratsiya yo’nalishi bo’yicha 15 ta jamoa esa IT Park Ventures tomonidan investitsiya sifatida jami $1,500,000 oladi.
Tanlov bosqichlari
Jarayon qat’iy kalendarga bo’ysunadi. Har yili 1-iyuldan e’lon boshlanib, ariza qabuli avgustgacha davom etadi. 5-sentyabrga qadar loyihalar taqdimoti, 1- dekabrgacha akselеratsiya dasturi, 25-dekabrgacha esa yakuniy himoya o’tkaziladi. Har bir yo’nalishdan 5 tadan, jami 25 ta jamoa uchinchi bosqichga o’tadi; yakuniy bosqichda esa 15 ta g’olib aniqlanadi.
Ishtirok shartlari
Tanlovga O’zbekiston fuqarolari va mamlakatda doimiy yashovchi xorijliklar qatnasha oladi. Jamoa tarkibi «Eng yaxshi startap» hamda akselеratsiya yo’nalishi uchun 3–8 kishi, inkubatsiya yo’nalishi uchun 2–5 kishidan iborat bo’lishi shart. Bir jamoa faqat bitta yo’nalish bo’yicha ariza topshira oladi. Mentorlik qilayotgan shaxslar jamoa tarkibiga kiritilmaydi, ishtirok uchun to’lov olinmaydi.
Tanlovga raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov raisligidagi Tashkiliy qo’mita rahbarlik qiladi. Tarkibda Markaziy bank, moliya, energetika, soliq va bojxona vazirliklari vakillari bor. Texnik baholash va saralash IT Park tomonidan amalga oshiriladi — loyihalar bozor moslashuvchanligi, daromadlilik modeli va ijtimoiy-iqtisodiy ta’sir bo’yicha baholanadi.
President AI Award — hukumatning AI sektorini institutsional darajada rag’batlantirishga qaratilgan eng yirik davlat mexanizmi. G’oliblar moliyaviy qo’llab-quvvatlanish bilan birga xalqaro akselerator tarmoqlariga kirish imkoniyatini ham qo’lga kiritadi.














