O‘zbekistonning yetakchi IT-holdingi Uzum Tencent (Xitoy), VR Capital (AQSh) va FinSight Ventures ishtirokida $70 million investitsiya jalb qildi. Bu moliyalashtirish raundi kompaniya bahosini $1,1 milliarddan $1,5 milliardga oshirdi va Uzum’ni mamlakatdagi birinchi unicorn startap sifatida yanada mustahkamladi.
Uzum vakillarining Forbes’ga ma’lum qilishicha, yangi investitsiyalar fintech yo‘nalishini rivojlantirish, e-commerce mahsulotlarini kengaytirish va infratuzilmani yaxshilashga sarflanadi.
VR Capital asoschisi Richard Deitz Uzum’ga sarmoya kiritishni kompaniyaning ishonchli biznes modeli va rivojlanayotgan bozorda birinchi bo‘lishi bilan izohladi. FinSight Ventures boshqaruvchi hamkori Aleksey Garyunov esa Uzum’ni O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotining yetakchisi deb atadi va platforma asosida yangi xizmatlar yaratish salohiyatini yuqori baholadi.
Uzum asoschisi va bosh direktori Jasur Jumayevning aytishicha, ikki yil ichida kompaniya mamlakatdagi eng yirik raqamli ekotizimga aylangan. Bugungi kunda 17 milliondan ortiq o‘zbekistonlik foydalanuvchi har oy Uzum servislaridan foydalanmoqda. Ular orasida Uzum Market marketplace’i, Uzum Tezkor yetkazib berish xizmati, Uzum Bank raqamli banki, Uzum Nasiya BNPL xizmati va Kapitalbank mavjud.
2023-yilda kompaniya umumiy $300 millionlik sarmoya jalb qilishni rejalashtirgan edi. 2024-yil martida Uzum $50 millionlik aksiyaviy va $50 millionlik qarz mablag‘larini jalb qildi. Ushbu raundda FinSight Ventures yetakchi investor bo‘lib, Hindistonning Xanara Investment Management kompaniyasi hamda Uzum rahbariyatidan bir qator top-menejerlar ham ishtirok etgan. Qarz mablag‘lari asosan BAAdagi xususiy investorlar tomonidan BNPL biznesini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan.
Uzum’ning $1,5 milliardlik bahosi O‘zbekiston startap ekotizimi uchun muhim bosqich bo‘lib, kompaniya Markaziy Osiyodagi eng yirik texnologik o‘yinchilardan biriga aylanmoqda.















