Insoniyat tarixi — bu energiyani o‘zlashtirish tarixi bo‘lish bilan birga, o‘zi yaratgan kuchlardan doimiy xavfsirash yilnomasidir. Biz olovni kashf qildik va yong‘indan qo‘rqdik; bug‘ni bo‘ysundirdik va portlashdan cho‘chidik; atomni kashf qildik va yo’q bo’lib ketishdan dahshatga tushdik.
Biroq, bugun sivilizatsiya ostonasida turgan o‘zgarish avvalgilariga o‘xshamaydi. Biz “Tanqislik Iqtisodiyoti”dan (Scarcity Economy) “Mo‘l-ko‘llik Iqtisodiyoti”ga (Abundance Economy) o‘tmoqdamiz. Bu o‘tish davrida Ilon Maskning Davos va boshqa global minbarlarda ilgari surayotgan tezislari bizning kelajakka va qo‘rquvga bo‘lgan munosabatimizni tubdan o‘zgartirishi kerak.
Sanoat inqiloblari insonni jismoniy mehnatdan ozod qilgan bo‘lsa-da, uning ruhiyatiga “o‘rnini yo‘qotish” qo‘rquvini soldi.
- 1-Sanoat inqilobi (Bug‘): Inson kuchining devalvatsiyasi. Ishchi o‘zini ulkan mexanizmlar oldida ojiz his qildi.
- 2-Sanoat inqilobi (Elektr/Neft): Inson erkinligining cheklanishi. Markazlashgan energiya tizimlari (monopoliyalar) jamiyatni “rubilnik”ka((elektr kommutatsiya apparati) qaram qilib qo‘ydi.
- 3-Sanoat inqilobi (Atom): Inson mavjudligining xavf ostida qolishi. Energiya ilk bor butun sayyorani yo‘q qilish salohiyatiga ega bo‘ldi.
Bu davrlarning barchasida umumiy maxraj bitta edi: Resurslar cheklangan va xavfli. Cheklangan resurs esa doimo nizo va qo‘rquv manbai bo‘lib kelgan.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan global muhokamalarda (xususan, Davos kontekstida va AI Safety sammitlarida) Ilon Mask insoniyat tarixidagi eng muhim iqtisodiy bog‘liqlikni o‘rtaga tashladi: AI rivoji va Energiya taqchilligi.
Maskning ta’kidlashicha, biz hozir ikki bosqichli “torlikni” (bottleneck) jarayonini boshdan kechirmoqdamiz:
- O‘tgan yil: Asosiy muammo kremniy (chiplar) yetishmovchiligi edi.
- Hozir va kelajak: Asosiy to‘siq — elektr energiyasi va kuchlanish transformatorlari.
Maskning ogohlantirishi va bir vaqtning o‘zida optimizmi shunda: “Sun’iy intellekt insoniyat tarixidagi har qanday texnologiyadan tezroq rivojlanmoqda, ammo uning ishlashi uchun bizga hozirgidan o‘nlab barobar ko‘p energiya kerak.”
Bu yerdagi paradoks shundaki, AI energiyani “yeydigan” yirtqich emas, balki energiyani optimallashtiruvchi va yangi manbalarni (termoyadroviy sintez, samarali quyosh batareyalari) kashf etishni tezlashtiruvchi vositadir.
Mask va boshqa futuristlar tasvirlayotgan kelajakda (aytaylik, 2030-2040 yillar) ikkita fundamental resursning narxi nolga intiladi: Intellekt va Energiya.
Bu iqtisodiyotda qo‘rquv nima uchun yo‘qoladi?
A. Deflyatsion tsunami
Sanoat davrida narxlar oshishi (inflyatsiya) resurslar kamayishi bilan bog‘liq edi. AI va Robototexnika (masalan, Tesla Optimus) mehnat narxini keskin pasaytiradi. Quyosh va yadro energiyasi esa energiya narxini pasaytiradi. Agar hayot uchun zarur mahsulotlar va energiya deyarli tekin bo‘lsa, insonning “och qolish” yoki “kelajak uchun jamg‘ara olmaslik” qo‘rquvi biologik darajada so‘nadi.
B. Energetik avtonomiya
Sanoat davridagi qo‘rquv markazlashgan tizimga qaramlikdan edi (svet o‘chsa, hayot to‘xtaydi). Maskning “Sustainable Energy Earth” rejasi desentralizatsiyaga asoslangan. Har bir xonadon o‘z energiyasini ishlab chiqarib, saqlay olsa, “katta og‘a”dan qo‘rqish hissi yo‘qoladi. Xavfsizlik shaxsiy nazoratga o‘tadi.
C. “Terminator” ssenariysi emas, “Simbiot” ssenariysi
Odamlar AI ularni yo‘q qilishidan qo‘rqishadi (Gollivud effekti). Ammo Maskning yondashuvi (Neuralink va AI integratsiyasi) shuni ko‘rsatadiki, biz mashinalar bilan raqobatlashmaymiz, balki birlashamiz. Mo‘l-ko‘llik sharoitida AI insonga “xizmatkor va hamkor” bo‘lib, insonni eng og‘ir yuklardan — ma’nosiz mehnat va xavotirdan qutqaradi.
Yangi Paradigma
Sanoat asrlarida biz “Qo‘rquv boshqaruvi” ostida yashadik. Har bir yangi energiya manbai bizga ko‘proq kuch berdi, lekin ko‘proq mas’uliyat va xavotir yukladi.
Endi kirib kelayotgan davr — bu “Imkoniyatlar boshqaruvi”. Ilon Maskning energiya va AI haqidagi qarashlari shuni ko‘rsatadiki, agar biz energiya muammosini yecha olsak (bu esa muqarrar), biz “omon qolish uchun kurash” (survival of the fittest) erasini yakunlaymiz.
Faravonlik (Abundance) davrida insonning yagona qo‘rquvi tashqi olamdan (tabiatdan, energiyadan, ochlikdan) emas, balki ichki olamdan — o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqara olmaslikdan bo‘ladi. Bu esa qo‘rquv emas, balki ijodiy chanqoqlikdir.
Sanoat davri bizni tabiatdan qo‘rqishga o‘rgatdi. Raqamli faravonlik davri esa bizni koinot miqyosida fikrlashga va qo‘rquvni qiziqishga almashtirishga majbur qiladi. Ma’no iqtisodiyotiga o’tamiz va insonlar ijodkor, yerda nega kelganlarini taffakkur qilib, uni obod qilish bilan band bo’ladilar.
O‘zbekistonda “Abundance” (Mo‘l-ko‘llik) modelini tashkil qilish strategiyasi
Ilon Maskning “Energiya va Intellekt” simbiozi haqidagi fikrlari O‘zbekiston uchun shunchaki nazariya emas, balki eng to‘g‘ri iqtisodiy “shortcut” (qisqa yo‘l) hisoblanadi. Bizda sanoat asrining bosqichlarini sakrab o‘tib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri toza energiya va raqamli iqtisodiyotga o‘tish imkoniyati bor.
Quyida Energiya + Raqamlashtirish + Kapital uchburchagiga asoslangan strategiyani tahlil qilsak:
O‘zbekistonda yiliga 300+ kun quyoshli. Hozirgi kunda biz bu energiyani asosan maishiy ehtiyoj (chiroq yoqish, isitish) uchun ko‘ryapmiz. Strategik yondashuv esa energiyani ”Eksportbop mahsulot”ga aylantirishdir.
Muammo: Elektrni qo‘shni davlatlarga sotish qiyin (logistika, yo‘qotishlar).
Yechim: Elektrni “raqamli mahsulot”ga aylantirib sotish.
- Cho‘l hududlarida (Navoiy, Buxoro) Yashil data markazlar (Green Data Centers) klasterlarini yaratish.
- Quyosh energiyasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri serverlarni ishlatsin. Biz “tok”ni emas, balki uning natijasini — Compute Power (Hisoblash quvvati) va AI Servicesni eksport qilamiz.
- Bu yerda “Infrastructure-as-a-Service” startaplariga investitsiya kiritish. Katta quyosh stansiyalari emas, balki kichik, modulli data-mayning yoki AI-rendering fermalarini moliyalashtirish.
Maskning Tesla Energy modeli shuni ko‘rsatadiki, energiya markazlashgan bo‘lmasligi kerak. O‘zbekistonda gaz quvurlari bilan bog‘liq muammolar markazlashuvning zaifligini ko‘rsatdi.
- Har bir xonadon va kichik biznes — energiya ishlab chiqaruvchi (Prosumer = Producer + Consumer).
- Fintech roli (Karmon.ai yoki Asaxiy Invest misolida): Odamlar tomiga quyosh paneli o‘rnatishi uchun “Yashil moliyalashtirish manbalari” kerak. Lekin eng muhimi — Peer-to-Peer (P2P) energiya savdosini yo’lga qo’yishimiz kerak.
- Ssenariy: Mening uyimda kunduzi ortiqcha energiya bor. Qo‘shnimning ofisiga esa energiya kerak. Karmon.ai yoki Asaxiy Invest orqali men ortiqcha energiyamni to‘g‘ridan-to‘g‘ri unga sotaman (blockchain yoki smart-grid orqali). Davlat o‘rtada faqat tarmoq provayderi bo‘ladi.
- Bu tizim energiyani ”valyuta”ga aylantiradi.
Abundance iqtisodiyotida asosiy resurs — bu insonning ijodiy salohiyati. Bizda aholi yosh, demografik portlash bor. Agar ular sanoat ishchisi bo‘lsa — robotlar bilan raqobatlashadi (va yutqazadi). Agar ular AI operatori bo‘lsa — yutadi.
Faqat kod yozishni emas, balki mahalliy muammolarga (suv, logistika, qishloq xo‘jaligi) AI yechimlarini qo‘llashni o‘rgatuvchi “Venture Builder” modeliga ehtiyoj bor, bunda Startap Garage tashkil qilgan “Venture Builder“ modeli bor. Uyerda soha mutaxassislari o’z innovatsiyalarini «venture building» tamoyilida amalga oshirishlari mumkin.
Yoshlar chet elga “qora mehnat”ga emas, balki o‘z kompyuteridan turib global bozorga “raqamli xizmat” (AI training, Data labeling, Engineering) eksport qilishiga urg‘u berish.
Sanoat davrida O‘zbekiston dengizga chiqa olmasligi (landlocked) tufayli logistikada yutqazardi. Raqamli/Energetik davrda esa dengiz kerak emas.
- Internet kabellari va quyosh nuri — yangi “Temir yo‘l” va “Paxta”.
- AI suvereniteti: Kelajakda har bir mintaqaning o‘z AI modellari bo‘lishi kerak (madaniyat, til va qonunchilikni tushunadigan). O‘zbekiston Markaziy Osiyo uchun AI-Hub bo‘la oladi. Buning uchun esa arzon energiya (quyosh) va kuchli serverlar kerak (1-bandga qaytamiz).
Ilon Mask aytganidek, AI rivoji energiya bilan cheklanadi. Dunyo hozir “Energiyaga chanqoq”. O‘zbekiston bu chanqoqni qondiruvchi voha bo‘lishi mumkin.
Biz uchun “Abundance” modeli:
- Tabiatdan: Cheksiz quyosh
- Texnologiyadan: Kuchli AI va Fintech infratuzilmasi.
- Jamiyatdan: Energetik mustaqil va global fikrlaydigan yoshlar.
Bu endi “qo‘rquv” (svet o‘chib qolishidan qo‘rqish) emas, balki “imkoniyat” (svetni qanday qilib pulga va bilimga aylantirish) strategiyasidir.
Muhammad Xalil
















