Yaqinda Toshkentda o’z ishini yakunlagan 5-Markaziy Yevrosiyo venchur forumi (CEVF 2026) Markaziy Osiyo, Yevropa, AQSh, Janubi-Sharqiy Osiyo va MENA mintaqasidan 800 ga yaqin investorlar, tadbirkorlar, venchur fondlari boshqaruvchilari hamda texnologik kompaniyalar vakillarini bir joyga jamladi.
Tadbirning ilk bor O’zbekistonda o’tkazilishi mamlakat texnologik ekotizimining barqaror kengayib borayotganini ta’kidlaydi. MOST Holding va IT Park Uzbekistan tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi ko’magida tashkil etilgan forumda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi. Tadbir hamkorlari qatoridan Astana Hub, EBRD (YTTB), IFC, UK International Development, Air Astana, Yandex Cloud, VISA, UZVC, Accelerate Prosperity, IT Park Ventures va KPMG kabi yirik tashkilotlar o’rin oldi.
Quyida forum davomida e’lon qilingan asosiy yangiliklar va natijalar keltirilgan:
1. Mintaqadagi rekord o’sish: Venchur bozori hisoboti
Forumda RISE Research tomonidan tayyorlangan, 200 dan ortiq startaplar va 40 ta investor ma’lumotlarini o’z ichiga olgan «Markaziy Osiyoda startaplar va venchur kapitali – 2026» uchinchi yillik hisoboti taqdim etildi.
Asosiy ko’rsatkichlar:
- Umumiy moliyalashtirish: Mintaqaviy venchur investitsiyalari 2025-yilda rekord darajaga — $320 millionga yetdi.
- Yirik bitimlar: Higgsfield ($130 mln) va Uzum ($65,5 mln) bitimlari umumiy hajmining 61 foizini tashkil qildi.
- Bozorning organik o’sishi: Ushbu ikkita yirik bitimni hisobga olmaganda ham, mintaqaviy bozor barqaror o’sishni ko’rsatib, $124,5 millionga yetdi (bu 2024-yilga nisbatan 31% ga ko’p).
- O’zbekiston: Mahalliy venchur moliyalashtirish hajmi 2022-yilga nisbatan 11,3 barobarga o’sib, $33,8 millionni tashkil etdi (Uzum bitimi bilan birga qariyb $99,3 mln). O’tgan yili mamlakatda asosan pre-seed va seed (boshlang’ich) bosqichlariga qaratilgan 7 ta yangi venchur fondi tashkil etildi.
- Qozog’iston: Venchur investitsiyalari deyarli uch barobarga oshib, $209 millionga yetdi. Bunda sun’iy intellekt sohasi asosiy drayverga aylanib, barcha investitsiyalarning qariyb yarmini jalb qildi.
«Mintaqada g’oyalarning moliyalashtirilgan startaplarga aylanish darajasi yuqori — so’nggi uch yil ichida 2000 ta loyihaning 18,5 foizi investitsiya oldi, bu Yevropaning yetakchi xablaridagi ko’rsatkichlarga tengdir.» — Aynur Janturina, RISE Research asoschisi
2. 5-CEVF Awards mukofotlari
Forum doirasida Markaziy Yevrosiyo startap ekotizimining yetakchi ishtirokchilari taqdirlandi.
2026-yil g’oliblari:
- Eng yaxshi Tech Media: Pivot (O’zbekiston)
- Eng yaxshi venchur fondi: AloqaVentures
- Yil bitimi: Datatruck (Avenue Growth Partners boshchiligidagi $12 mln Series A)
- Eng yaxshi korporativ ochiq innovatsiyalar strategiyasi: Freedom Holding
- Ekotizimning eng yaxshi o’yinchisi: Startup Garage (O’zbekiston)
- Eng yaxshi Tech Influencer: Umed Rahimov (Vazifa, Stanbase, Tojikiston)
- ESG yetakchisi: School21
- Startaplarni qo’llab-quvvatlash bo’yicha eng yaxshi dastur: Red Team Accelerator (Qozog’iston)
- Yil yutug’i va eng tez o’sayotgan startap: MoonAI (Qozog’iston)
- Eng faol biznes farishta: Dana Kunanbayeva
3. EBRD Star Venture dasturi
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRD) biznes diagnostika, mentorlik va investitsiyaga tayyorlash orqali yuqori salohiyatli startaplarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan Markaziy Osiyo bo’yicha ilk guruhining 13 ta finalchisini e’lon qildi.
E’tiborlisi, tanlangan startaplarning 7 tasi O’zbekiston loyihalaridir: Hyper App, IMAN, OSNOVA, Robosell, Tezbor, UYSOT va Verifix.







4. Strategik memorandum va kelishuvlar
MOST Holding tarkibidagi kompaniyalar xalqaro hamkorlik bo’yicha qator muhim hujjatlarni imzoladilar:
- MOST Investments va 1MoreThing (Saudiya Arabistoni): Sun’iy intellektga asoslangan B2B startaplarni miqyosini kengaytirish hamda kapital va iste’dodlar almashinuvini qo’llab-quvvatlash bo’yicha kelishuv.
- MOST Ventures va FAO Partners: Koreya va Markaziy Osiyo startap ekotizimlarini bog’lash maqsadidagi memorandum.
- MOST Ventures va Accelerate Prosperity (AKDN): Mintaqadagi boshlang’ich bosqichdagi startaplar uchun tuzilmaviy «investitsion lift»ni yaratish bo’yicha alyans.
- United Ventures (O’zbekiston) va MOST Holding: Qo’shma investitsiyalar kiritish, bilim almashish va biznes farishtalar maktabini ishga tushirish bo’yicha hamkorlik.
5. Pich-musobaqalar va akseleratorlar
MOST Investable Battle
VISA ko’magida o’tkazilgan ushbu pih-musobaqaning mukofot jamg’armasi $75,000 ni tashkil qildi.
- Kuchli uchlik: Cerberus, Tezbor va Bigmart. Ushbu startaplar IRA Tashkent dasturiga to’g’ridan-to’g’ri yo’llanma oldi.
- Bulutli infratuzilma granti: ORDO loyihasi Yandex Cloud’dan $12,000 miqdorida grant yutib oldi.
- Media-joylashtirishlar: Robosell va Nedvighka.kz loyihalariga taqdim etildi.
IRA Tashkent
Forumda pre-seed va seed bosqichidagi startaplar uchun mo’ljallangan Investment Readiness Accelerator (IRA) Tashkent xalqaro akseleratsiya dasturining ikkinchi guruhiga start berildi. MOST C-Space Hub, MOST Business Intelligence va SQB Ventures hamkorligidagi 12 haftalik dastur o’lchanadigan natijalarga: daromadni o’stirish, bitimlarni tuzish va moliyalashtirish raundlarini yopishga qaratilgan.
«Bozorga biznesdek fikrlaydigan — raqamlarni, mijozlarni tushunadigan, qanday sotishni va bitimlarni to’g’ri tuzishni biladigan startaplar kerak» — Dias Kojatayev, MOST Business Intelligence bosh direktori.

















