Wildberries O‘zbekiston hududida o‘zining yangi taksi chaqirish xizmati — WB Taxini texnik tarzda ishga tushirishga tayyorlanmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi. Wildberries o‘zining taksi xizmatini mamlakatda sinov asosida yo‘lga qo‘yayotganini ma’lum qildi. Dastlab loyiha “yopiq klub” formatida ish boshlaydi. Bu kompaniyaga jarayonni bosqichma-bosqich nazorat qilish hamda foydalanuvchilarga maksimal qulay sharoit yaratish imkonini beradi.
Yangi xizmatni birinchi bo‘lib sinovdan o‘tkazadigan foydalanuvchilar orasiga marketplace xodimlari va hamkorlari kiradi. Ular — shuningdek, kelajakdagi barcha yo‘lovchilar — maqbul narxlar, tez yetib boradigan mashinalar va yo‘l haqi summasining 50% miqdorida cashback olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Cashback naqd pulsiz to‘lovlar uchun kompaniyaning virtual valyutasi — “arbuz” ko‘rinishida qaytariladi. Haydovchilar uchun ham WB Taxi qulay hamkorlik shartlarini taqdim etadi. Xizmatning asosiy afzalliklari qatorida past komissiya va belgilangan sifat standartlariga amal qilinganda smenadagi kafolatlangan daromad mavjud.
WB Taxi rahbari Anatoliy Smorgonskiyning ta’kidlashicha, “yopiq klub” formatidagi ishga tushirish kompaniyaga xizmat sifati va rivojlanishiga to‘liq e’tibor qaratish imkonini beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahsulot bosqichma-bosqich joriy qilinadi va tizimning barcha elementlari sinchiklab monitoring qilinadi. Klub ishtirokchilarining fikr-mulohazalari servisni yanada takomillashtirishga yordam beradi.
WB Taxi xizmatining navbatdagi bosqichlari O‘zbekiston bo‘ylab geografiyani kengaytirish hamda servisni bosqichma-bosqich ommaga ochish jarayonlarini o‘z ichiga oladi.














