O‘zbekistonda avtomobilsozlik va mashinasozlik sohasida to‘plangan tajriba asosida Asakada “Engineering Valley” tashkil etiladi.
Bu haqda 24-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yangi hudud Asakaning avtomobilsozlik va mashinasozlik sohasidagi 30 yildan ortiq tajribasi asosida shakllantiriladi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad faqat an’anaviy ishlab chiqarishni kengaytirish emas, balki uning atrofida zamonaviy muhandislik va texnologiyalar ekotizimini yaratishdan iborat.
Rejaga ko‘ra, “Engineering Valley”da dasturiy mahsulotlar, elektronika, elektromexanika va muhandislik xizmatlari kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Bu texnologik mahsulotlar va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega xizmatlar yaratadigan kompaniyalar uchun yangi imkoniyatlar ochishi kutilmoqda.
Tashabbus orqali Andijonning Farg‘ona vodiysidagi muhandislik kadrlari markazi sifatidagi salohiyatini oshirish ham maqsad qilingan. Hududda avtomobilsozlik va mashinasozlik bo‘yicha shakllangan tajribadan foydalanib, tayyor mahsulot ishlab chiqarish bilan bir qatorda yangi texnologiyalar va mahsulotlarni yaratishga e’tibor qaratiladi.
Yig‘ilishda Andijon viloyatida yangi biznes va sanoat hududlarini tashkil etish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi. Umuman, viloyatda 1 ming gektarlik biznes hududlariga $7 mlrd investitsiya jalb qilish va kamida 70 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yilgan.
Ta’kidlash kerakki, $7 mlrdlik investitsiya maqsadi aynan “Engineering Valley”ga emas, balki viloyatda tashkil etiladigan kengroq biznes va sanoat hududlariga taalluqli.
“Asaka muhandislik vodiysi” O‘zbekistonda muhandislik salohiyatini kuchaytirish, texnologik ishlab chiqarishni rivojlantirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar yaratishga qaratilgan loyihalardan biri bo‘ladi.

















