Avoza ortida O‘zbekistonning yangi avlod innovatorlaridan biri — Marifat Jamal turibdi. U aslida ta’lim sohasi vakili: Marstiff 1000 dan ortiq o‘quchiga ega SAT Academy’ga asos solib, yuzlab o‘quvchilarga xalqaro imtihonlarga tayyorlanishda yordam beruvchi platformani yaratgan. Ta’limdagi faoliyati davomida Marifat bir narsani yaqqol anglagan — muloqot imkoniyati cheklangan insonlar, ayniqsa eshitishida nuqsoni bo‘lgan yoshlar, ko‘pincha ta’lim va jamiyat jarayonida ko‘rinmas qatlamda qolib ketadi. Shu kuzatuv unga yangi savol berdi:
“Agar texnologiya ta’limdagi tenglikni yarata olsa, nega u muloqotdagi tenglikni ham ta’minlamasligi kerak?”
Shu savoldan Avoza g‘oyasi tug‘ildi — nutqni real vaqt rejimida matnga aylantirib, eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarga muloqot imkonini beruvchi aqlli ko‘zoynak konsepsiyasi.
“Tenglik bu faqat ta’lim yoki ish imkoniyati bilan o‘lchanmaydi. Tenglik — ovozda, eshitilishda ham bo‘lishi kerak,” – deydi u.
Aloqa — insonning asosiy huquqlaridan biri
Biroq eshitishida nuqsoni bo‘lgan millionlab odamlar uchun oddiy suhbat yoki dars jarayoni hamon murakkab.
Avoza shu muammoni texnologiya orqali hal etishga urinadi: nutqni real vaqt rejimida matnga aylantirib, ko‘zoynak displeyida subtitr sifatida ko‘rsatadi.
Bu, ayniqsa, O‘zbekistonda 22 mingdan ortiq kar va zaif eshituvchi insonlar, shuningdek 8 mingga yaqin bola va yoshlar uchun muloqotga keng yo‘l ochadi.
Muammo ko‘lami: global raqamlar
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotiga ko‘ra, 430 million kishi “nogironlik darajasidagi” eshitish yo‘qotishiga ega; 2050 yilga kelib bu ko‘rsatkich 700 milliondan oshishi mumkin — ya’ni har 10 kishidan biri.
Bundan tashqari, eshitish funksiyasini yo‘qotishining oldini olish, erta aniqlash va reabilitatsiya qilinmagani global iqtisodiyotga yiliga qariyb $980 milliard dollar yo‘qotish keltiradi (ish unumdorligi pasayishi, ta’limdagi uzilishlar va ijtimoiy xarajatlar) — bu haqda The ENT Center of Central Georgia ma’lumot beradi.
Ammo eng achinarlisi — assistiv texnologiyalarga kirish imkonining notekisligi: ba’zi past daromadli mamlakatlarda ehtiyojning atigi 3% i qoplanadi (yuqori daromadli mamlakatlarda bu 90% gacha, JSST hisobotidan).
Avoza qanday yechim taklif qiladi?
Avoza aqlli ko‘zoynaklari nutqni deyarli kechikishsiz tanib olib matnga aylantiradi va uni foydalanuvchining ko‘z oldida ko‘rsatadi.
Qurilma sinf, uchrashuv, kafe yoki uy kabi turli muhitlarda ishlaydi; yengil, ixcham va qulayligi bilan ajralib turadi.
Tadqiqot asosida aniqlangan ehtiyoj:
Avoza 41 ta imkoniyati cheklangan insonlar bilan o‘tkazilgan suhbat va sinovlar asosida ishlab chiqilgan. Ulardan olingan javoblar shuni ko‘rsatdiki, foydalanuvchilarning 98% Avozani muntazam ishlatishni, erkin muloqot qilishni xohlaydi.
Eshitish nogironligi darajasi har xil bo‘lishiga qaramay, Avoza hammaga mos keladi — bu universal yechim. Shu bilan birga, mavjud bozor variantlariga qaraganda ancha arzon. Eng muhimi, bu texnologiya foydalanuvchilarning ta’lim darajasi va savodxonligini ham yaxshilaydi.
Avoza dastlabki haftalarda foydalanuvchilarga sekin chiqadigan matn orqali adaptatsiya imkonini beradi.
Vaqt o‘tgan sayin ularning so‘z boyligi oshadi, matn tezligini idrok etish qobiliyati kuchayadi.
Bu esa uzoq muddatda mijozlar uchun ham, mahsulotning o‘z rivoji uchun ham foyda keltiradi.
Nega aynan hozir?
Dunyo bo‘yicha assistive technology bozori jadal o‘smoqda: 2023 yilda ~$23 mlrd bo‘lgan bozor 2030 yilga kelib $32 mlrd+ ga yetishi prognoz qilinmoqda (BioSpace hisobotiga ko‘ra).
Bozordagi yonma-yon yechimlar (masalan, XRAI Glass, TranscribeGlass va boshqalar) AR ko‘zoynaklarida real vaqt subtitr, tarjima, hatto speaker ID kabi funksiyalarni taklif qilmoqda.
Bu yo‘nalishdagi rivojlanishlar Avozaning texnik konsepsiyasi global trendlar bilan hamohang ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston uchun ijtimoiy ta’sir
Avoza shunchaki gadjet emas — bu “inson texnologiyasi”: muloqotni kengaytiradi, bolalarning ta’limdagi ishtirokini kuchaytiradi, ish joyida hamkasblar bilan teng muloqotni ta’minlaydi.
Bu — inklyuziv O‘zbekiston sari muhim qadam, “o‘qiydigan, ishlaydigan va teng yashaydigan jamiyat”ga yo‘l.
Mahalliy kontekstda esa Avoza ta’lim muassasalari, ish beruvchilar va NNTlar bilan hamkorlik qilib, real foydalanuvchi guruhlariga tez yetib borishi mumkin.
Bu, bir tomondan, ijtimoiy izolyatsiyani qisqartiradi; ikkinchi tomondan, mehnat unumdorligi va ta’lim natijalarini yaxshilaydi.
Hardware + AI platforma
Avoza ikki yo‘nalishli modelni ko‘zda tutadi: ko‘zoynak apparati + AI asosidagi dasturiy platforma. Bunday arxitektura foydalanuvchiga asosiy qiymatni qurilmaning o‘zida berib, dasturiy ta’minot orqali obuna xizmatlari (transkripsiya, tarjima, speaker ID, tarix va boshqalar) kabi daromad oqimlarini yaratishga imkon beradi.
Bugun dunyoda har o‘ninchi inson eshitish muammosiga duch keladi, ammo texnologik yechimlardan faqat ozchilik foydalana oladi. Shunday ekan, Avoza bu bo‘shliqni to‘ldirib, O‘zbekistonda inklyuziv texnologiyalarni amalda joriy qilayotgan startap sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. U inson qadriyatini tiklaydi, teng muloqotni ta’minlaydi va global bozorga chiqish salohiyatiga ega.
Avoza — bu shunchaki ko‘zoynak emas, “ovozni tenglikka aylantiruvchi” harakat.

















