Silikon vodiysida ishlash nafaqat nufuzli, balki nihoyatda daromadli hamdir. Yaqinda e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, OpenAI tadqiqotchi olimlari yiliga 245,000 dan 685,000 dollargacha maosh olishadi. Meta kompaniyasida esa dasturiy ta’minot muhandislarining asosiy ish haqi 120,000 dan 480,000 dollargachani tashkil etadi.
Xo‘sh, bunday yuqori marralarni zabt etish va Big Tech olamiga kirish uchun inson qanday xislatlarga ega bo‘lishi kerak? Meta kompaniyasining texnologiyalar bo‘yicha direktori (CTO) Endryu Bosvort ijtimoiy tarmoqlarda aynan shu savolga javob berdi.
Meta CTO’si uchun ideal xodim portreti
Meta’ning sun’iy intellekt va metakoinot kabi ulkan bo‘linmalariga rahbarlik qiluvchi Bosvort muvaffaqiyatli xodimlar uchun bir nechta muhim xislatni sanab o‘tdi:
- Sifat yo‘lida tinimsiz intilish: Bosvortning ta’kidlashicha, xodim o‘zi yaratayotgan mahsulot uchun haqiqiy mas’uliyatni his qilishi va natijaga «shaxsiy masalasi» sifatida qarashi lozim.
- Moslashuvchanlik: Rejalar o‘zgarganda qo‘rquvga tushmasdan, aksincha, yangi imkoniyatlarga qiziqish va ishtiyoq bilan qarash — eng qadrli xususiyatlardan biridir.
- To‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot va ochiqlik: Kuchli xodimlar o‘z fikrini aniq bayon qiladi va boshqalardan ham shunday samimiylikni kutadi. Ular tanqidni to‘g‘ri qabul qilib, undan o‘sish uchun foydalanadilar.
- Insoniylik: Bosvort qidiradigan eng oxirgi, ammo eng muhim jihat — shunchaki «yaxshi inson» bo‘lishdir.
Bosvortdan nizolarni hal qilish usuli: Agar ishda tushunmovchilik yuzaga kelsa, u to‘rt bosqichli modelni taklif qiladi: har ikki tomonni tinglash, ularni vaziyatga boshqaning ko‘zi bilan qarashga undash va yakunda murosaga keltirish.
Faqatgina Meta emas, balki boshqa gigant kompaniya rahbarlari ham o‘xshash sifatlarni qadrlashadi:
- Patrik Kollison (Stripe CEO): U nomzodlarda «qat’iyat va raqobatbardoshlik»ni qidiradi. Uning fikricha, buyuk ishlarni amalga oshirish qiyinligini anglaydigan va atrofidagilarga iliqlik ulashadigan insonlar jamoa uchun eng foydalisidir.
- Satya Nadella (Microsoft CEO): Nadella «empartiya» (boshqalarni tushunish qobiliyati) va «doimiy o‘rganishga bo‘lgan tashnalik»ni (learn-it-all mindset) birinchi o‘ringa qo‘yadi. Uning fikricha, hamdardliksiz hech qanday yutuq ahamiyatga ega emas.
Dunyo darajasidagi texnologik gigantlar nafaqat sizning kodingiz yoki texnik bilimingizga, balki o‘zgarishlarga qanchalik tez moslashishingiz, jamoada qanday muloqot qilishingiz va eng muhimi, qanchalik samimiy inson ekanligingizga e’tibor berishadi.
Sizningcha, o‘zbek startaplari va IT kompaniyalari uchun ham ushbu xislatlar birinchi darajali ahamiyatga egami?

















