Sun’iy intellekt endi nafaqat kod yozmoqda yoki mijozlarga xizmat ko‘rsatmoqda. U investorlar bilan muzokara olib borish, savollarga javob berish va investitsiya jalb qilish jarayonida ham ishtirok eta boshladi. AQShning Lyzr nomli AI startapi o‘zining $100 millionlik Series B investitsiya raundini insonlar emas, balki kompaniyaning o‘zi yaratgan SivaClaw nomli AI agenti yordamida olib bordi.
Bloomberg va TechCrunch ma’lumotlariga ko‘ra, SivaClaw investitsiya jarayonining katta qismini avtomatlashtirgan. AI agent:
- 130 dan ortiq investorlarning savollariga javob bergan;
- investitsiya memorandumlarini tayyorlagan;
- investorlar taqdimotning qaysi slaydlarida ko‘proq vaqt sarflaganini tahlil qilgan;
- investorlarning qiziqishini kuzatib borgan va keyingi muloqotlarni optimallashtirgan.
Natijada kompaniya $100 million investitsiya jalb qildi. Xabarlarga ko‘ra, umumiy investor qiziqishi esa $400 milliondan oshgan.
So‘nggi yillarda AI agentlari asosan mijozlarni qo‘llab-quvvatlash, dasturlash yoki biznes jarayonlarini avtomatlashtirish uchun ishlatilayotgan edi. Endi esa ular eng murakkab biznes vazifalaridan biri — fundraising jarayonida ham samarali ishlay olishini namoyish qilmoqda.
Albatta, yakuniy qarorlar va investorlar bilan strategik muzokaralar hanuz kompaniya rahbariyati tomonidan amalga oshiriladi. Biroq AI minglab savollarni qayta ishlash, hujjatlar tayyorlash va investorlarning xatti-harakatlarini tahlil qilish kabi vaqt talab qiladigan ishlarni sezilarli darajada tezlashtirishi mumkin.
2026-yilda AI bozori tobora agentlarga yo‘nalmoqda. Dastur yozuvchi, sotuvchi yoki mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi agentlardan keyin endi investitsiya jalb qiluvchi AI agentlari ham paydo bo‘la boshladi.
Lyzr tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yaqin kelajakda startaplar nafaqat mahsulot yaratishda, balki investorlar bilan ishlash, hujjatlar tayyorlash va biznes rivojlantirish jarayonlarida ham AI agentlardan faol foydalanishi mumkin. Bu esa fundraising jarayonining qanday tashkil etilishi haqidagi tasavvurlarni tubdan o‘zgartirishi ehtimoldan xoli emas.

















