Press ESC to close

Milliarderni ortidagi milliarder: Uorren Baffetni kengroq o‘ylashga o‘rgatgan inson

Charli Manger hech qachon shon-shuhrat ortidan quvmagan,ammo haqiqiy afsonaga aylangan. U hech qanday shov-shuvli startap ham texnologik imperiya ham qurmagan. Ammo u gapirganida, biznes dunyosidagi eng kuchli insonlar gapirishdan to‘xtar edi. Yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida u Uorren Baffetga yelkadosh bo‘ldi, unga doim yo‘l ko‘rsatib bordi. U xotirjam, nihoyatda mantiq bilan fikrlovchi va ba’zida shafqatsiz darajada rostgo‘y edi. Manger “Berkshire Hathaway”ni tarixdagi eng yirik investitsiya kompaniyalaridan biriga aylantirishda muhim rol o‘ynadi. Ammo uning asl merosi boylik miqdorida emas, balki tafakkur tiniqligidadir.

1924-yilda Nebraska shtatining Omaha shahrida tug‘ilgan Manger kamtar oilada ulg‘aygan. U Buyuk Depressiya davrida katta bo‘lgan, va bu davrda omon qolish uchun tejamkorlik, mehnatsevarlik va intizom talab etilardi. U bolaligidan mutolaaga chanqoq bo‘lgan va butun hayoti davomida iqtisod, fizika, tarix, psixologiya kabi turli sohalardagi kitoblarni qiziqib o‘qigan. Uning fikricha, inson shunchalik ko‘p va keng miqyosda o‘qishi kerakki, miyasi “murakkab foiz” kabi ishlasin. “Yotgan paytingizda uyg‘onganingizdagidan aqlliroq bo‘ling bu – muvaffqiyat kalitidir”- deydi u.

Yoshligida Baffetning bobosi ishlaydigan oziq-ovqat do‘konida ishlagan. Oradan yillar o‘tib o‘sha do‘kondagi kichkina bola bir kun kelib “Omahaning donishmandi”ga aylanishini tasavvur ham qilmagan. Michigan universitetida o‘qishni boshlagan Manger ikkinchi jahon urishi tufayli o‘qishini to‘xtatgan. U AQSh Harbiy havo kuchlarida meteorolog bo‘lib xizmat qilgan. Mantiqiy fikrlash va aniqlik talab qiladigan bu kasb keyinchalik uning biznesdagi yondashuvini belgilab berdi. Urushdan keyin u Garvard huquq maktabiga ariza topshirgan, diplomi yo‘qligi sabab rad etilgan bo‘lsa-da, bir professorning tavsiyasi bilan o‘qishga qabul qilingan. U maktabdagi eng iqtidorli bitiruvchilardan biri bo‘lib, muvaffaqiyatli yuristga aylandi.

Ammo Manger sud faoliyatiga qiziqmay qo‘ydi. U huquqni tashladi va ko‘chmas mulk va investitsiyalar bilan shug‘ullanishga qaror qildi va sabrli, oqilona qarorlar bilan boylik orttirdi. Biroq uning professional hayoti yuksalib borayotgan bir paytda, shaxsiy hayotda og‘ir sinovlarga duch keldi. U leykemiya kasali sabab o‘g‘lidan ajraldi,  rafiqasi bilan ajrashdi. Sog‘lig‘i yomonlashib bordi, hatto noto‘g‘ri operatsiya tufayli bir ko‘zidagi ko‘rish qobiliyatini yo‘qotdi. Ammo Manger bu sinovlarning barchasiga chidadi. U o‘rganish, izlanish va fikrlashda davom etdi. Undan boshdan kechirganlari haqida so‘rashganda, “Siz shunchaki oldinga yurishingiz kerak,”- deya javob berdi.

1959-yilda, Omahada bo‘lib o‘tgan bir kechki ovqat tadbirida Manger va Baffet ilk bor uchrashdi. Ular bir zumda til topishib ketishdi. Keyinchalik Baffet shunday dedi: “Bugun uzoq yillik yo‘qotgan akamni topgandek bo‘ldim”. Manger darhol Berkshirga qo‘shilmadi, lekin tez orada Baffetning eng ishonchli maslahatchisiga, va oxir-oqibat vitse-prezidentiga aylandi. Ularning sherikchiligi biznes tarixidagi eng e’tiborga molik hamkorliklardan biri bo‘ldi.  

Baffet Mangerning ta’siri tufayli investitsiya yondashuvini butunlay o‘zgartirganini tan oladi. Baffet faoliyatining ilk davrlarida Ben Gremning yondashuvini qabul qilib, arzon, ammo biroz foyda olib kelishi mumkin bo‘lgan kompaniyalarni izlagan. Manger esa bu yondashuvga qarshi chiqdi. U Baffetni arzon narxga emas, balki sifatli bizneslarga e’tibor qaratishiga ishontirdi. “O‘rtacha biznesni arzon olishdan ko‘ra, yaxshi biznesni adolatli narxda olish yaxshiroq,” degan edi Manger. Aynan shu fikrdagi o‘zgarish Berkshirning keyingi sarmoyalarini Coca-Cola, See’s Candies, Apple va boshqa yuqori daromad keltirgan kompaniyalarga yo‘naltirdi.

Mangerning ta’siri faqat aksiyalarni tanlash bilan cheklanib qolmadi. U dunyo qanday ishlashini tushunishga berilib ketgan edi. Va “mental modellar to‘ri” degan tushunchani joriy etib, turli fanlardan bilim olish orqali kengroq fikrlashni targ‘ib qilgan. U tor fikrlashdan qaytarar, aksar xatolar jaholatdan emas, balki psixologiya, matematika, biologiya va iqtisodiyotning asoslarini tushunmaslikdan kelib chiqishini uqtirardi. U ko‘pincha tasdiqlovchi tarafkashlik (confirmation bias), yo‘qotishdan qo‘rqish yoki o‘z bilimimizni ortiqcha baholash kabi xulqiy tarafkashliklarga murojaat qilgan va bu ko‘rinmas tuzoqlar hattoki eng aqlli odamlarni ham yo‘ldan ozdirishi mumkinligini tushuntirgan.

U hech qachon so‘zlarni yumshatib aytmas edi. Berkshire’ning yillik yig‘ilishlarida Manger shovqinni bir og‘iz so‘z bilan kesib tashlashi bilan mashhur bo‘lgan. Undan Bitcoin haqida so‘ralganda, uni “kalamushlar uchun zahar” deb atagan va uni axlat bilan savdo qilishga qiyoslagan. Silikon vodiysi foydasiz bo‘lsa-da, katta umidlarga asoslangan startaplarni ulug‘layotgan bir paytda, Manger shunchaki yelka qisib qo‘ydi: “Agar hech qanday chalkashlik sezmayotgan bo‘lsangiz, demak, siz vaziyatni to‘liq anglamayapsiz.” Uning uslubi doim quruq, ravshan va g‘oyat keskin bo‘lgan.

Boyliklariga qaramay, Manger nihoyatda sodda hayot kechirgan. U oddiy kiyimlar kiygan, e’tiborga loyiq bo‘lmagan mashinalarda yurgan va o‘nlab yillar davomida Los-Anjelesdagi oddiy uyida yashagan. U yaxtalar yoki xususiy orollar jamg‘armagan. U o‘zida eng yaxshi g‘oyalarni jamlagan. “Odamzod qilishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi ish—boshqa bir odamga ko‘proq bilim berishdir,” der edi. Bu falsafa uning xayriya ishlari orqali ham aks etib, u asosan ta’lim va me’morchilik sohalariga e’tibor qaratgan ayniqsa, Stenford, Michigan universiteti va UC Santa Barbaradagi loyihalar bunga misol.

Manger hazilkash odam bo‘lgan va hech qachon o‘zini mukammal qilib ko‘rsatishga urinmagan. U katta-yu kichik xatolarini ochiq tan olgan va ularni saboq sifatida ko‘rsatgan. “Har bir kunni uyg‘onganingdan ko‘ra biroz dono bo‘lib yakunla,” degan nasihatni u tez-tez takrorlardi. “Burchlaringni halol va sidqidildan bajar. Qadam-baqadam oldinga yur, lekin bu yurish har doim tez bo‘lmasligi mumkin.”

U hayotining so‘nggi yillarida, yoshi tufayli jismonan sustlashgan bo‘lsa-da, tafakkuri hanuz o‘tkir edi. U har yili o‘tkaziladigan yig‘inlarda ishtirok etishda, intervyular berishda va maktublar yozishda davom etdi. 2023-yil noyabr oyida, 100 yoshga to‘lishiga atigi 34 kun qolganda vafot etdi. Uning o‘limi butun dunyodan bildirilgan hurmat-ehtiromlar bilan qarshi olindi. Biznes yetakchilari, olimlar va oddiy kitobxonlar uni nafaqat sarmoyador sifatida, balki ustoz sifatida ham doim eslaydilar.

Charlie Manger o‘zidan faqat moliyaviy portfel emas, balki butun bir tafakkur tarzini qoldirdi. U bizga: aniqlik — aqllilikdan ustunligi, haqiqat — trenddan kuchliroq va eng yaxshi investitsiya — bu o‘z aqlingizga qilgan sarmoya ekanligini eslatib turdi.

U hech qachon shon-sharaf izidan yugurmadi, u har bir e’tirofni haqli ravishda qozona oldi.

Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan