14-avgust kuni yakunlangan bitim natijasida Cursor SpaceX’ning to‘liq sho‘ba kompaniyasiga aylandi. Bitimning nazarda tutilgan qiymati $60 mlrd bo‘lib, hisob-kitob SpaceX aksiyalari orqali amalga oshirilgan.
Bu xarid haqidagi dastlabki kelishuv iyun oyida tuzilgan edi. Ungacha esa SpaceX va Cursor aprel oyidan boshlab AI modellarini o‘qitish bo‘yicha hamkorlik qilib kelgan. Bitimning eng muhim jihatlaridan biri — Cursor’ning SpaceXAI’ning Colossus hisoblash infratuzilmasiga kengroq kirish imkoniyatiga ega bo‘lishidir.
Cursor avvalroq model treningi uchun hisoblash quvvati yetishmasligi uning rivojlanishini cheklayotganini bildirgan edi. SpaceX bilan hamkorlik boshlanganidan keyin esa kompaniya Colossus infratuzilmasidan foydalanib, AI modellarini sezilarli darajada keng miqyosda o‘qitishni boshladi.
SpaceX hujjatlarida Cursor bilan integratsiya kompaniyaning AI strategiyasi uchun ikki tomonlama foyda berishi qayd etilgan: Cursor katta hisoblash quvvatiga ega bo‘ladi, SpaceX esa dasturchilarning AI bilan ishlash jarayonidan hosil bo‘ladigan ma’lumotlardan o‘z modellarini takomillashtirishda foydalanishi mumkin.
SpaceX hujjatlarida Cursor’ning dasturchilar bilan ishlash jarayonida hosil qiladigan ma’lumotlari — kod yaratish so‘rovlari, takroriy tahrirlashlar va dasturiy arxitektura bo‘yicha qarorlar — AI modellarini o‘qitish va inference jarayonlarini yaxshilash uchun qimmatli bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.
Bu esa Cursor’ni oddiy AI coding assistantdan ko‘ra strategikroq aktivga aylantiradi. SpaceX bir tomondan o‘zining hisoblash infratuzilmasini Cursor’ga taqdim etsa, ikkinchi tomondan Cursor orqali AI modellarini bevosita millionlab dasturchilarning ish jarayoniga olib kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ikki kompaniya bitim yopilishidan oldin ham birgalikda ishlagan. Cursor o‘zining Grok 4.5 modeli ustida SpaceX bilan hamkorlik qilgan va model uchun alohida model card ham e’lon qilgan.
Shu sababli yangi kelishuv SpaceX’ning AI ekotizimini yanada kengaytiradi: Grok — AI modellarini, Colossus — hisoblash infratuzilmasini, Cursor esa dasturchilar uchun AI platformasini ta’minlaydigan tizimga aylanmoqda.
$60 mlrdlik Cursor xaridi esa SpaceX’ning AI sohasidagi eng yirik qadamlaridan biri bo‘lib, dasturlash vositalari va frontier AI infratuzilmasi bir kompaniya ekotizimida birlashayotganini anglatadi.

















