Iqtisodiy o’sish bo’yicha 15 yildan ortiq tadqiqot olib borgan Stanford professori Chad Jones ma’ruza qildi — sun’iy intellekt kelajagimizni qanday o’zgartiradi? U ikki xil qarama-qarshi ssenariyni ko’rsatib haqiqat qayerda ekanini oddiy misollar bilan tushuntirdi.
Ikki qarama-qarshi dunyo
Jones ikkita qarama qarshi fikrdan boshladi. Ikkalasi ham ehtimol to’liq ro’yobga chiqmaydi — lekin ular orasidagi farqni tushunish muhim.
Portlash: Kremniy vodiysidagi SI asoschilari — Dario Amodei, Sam Altman, Demis Hassabis — buni o’n yildan beri aytishmoqda. Va jarayon boshlandi. 2025-yil noyabrda Anthropic o’z modeliga — Claude Opus 4.5 ga — dasturchilarni ishga olishda beriladigan ikki soatlik imtihon topshirdi. Natija: tarixdagi barcha insonlardan yuqori ball. Jones qo’shimcha qildi: «Bu allaqachon yetti oy oldin edi, modellar yana yaxshilandi — hozir Opus 4.7 da turibmiz, ikki avlod keyinda.»
Agar SI tez orada barcha kod yozishni o’rganib olsa, uni yanada kuchli SI yaratishga yo’naltiramiz. Natijada milliardlab «virtual tadqiqot yordamchilari» — har biri bizdan 100 marta tez ishlaydigan — yangi chiplar chizadi, dorilar kashf qiladi, robotlar loyihalaydi. Dario Amodei buni «ma’lumotlar markazidagi daholar mamlakati» deb atagan. Agar aqliy va jismoniy ishlarning barchasi mashinalarga o’tsa — Jonesning o’sish modellarida iqtisodiyot portlaydi.
Hamma narsa odatdagidek: Jones iqtisodiyot tarixiga qarashni taklif qildi. AQShda oxirgi 150 yil davomida yashash darajasi har yili deyarli bir xil — o’rtacha 2 foizga o’sib kelgan. Shu 150 yil ichida elektr energiyasi, avtomobillar, samolyotlar, antibiotiklar, tranzistorlar, internet va kompyuterlar hayotga kirdi. Barchasi dunyoni o’zgartirdi — lekin o’sish sur’ati baribir 2 foizda qoldi.
Nima uchun? Jones buni har qanday texnologiya vaqt o’tishi bilan eskiradi — «parovoz yuragi tugaydi.» deb tushuntiradi. Agar faqat parovoz bo’lganida va elektr kashf etilmaganida, o’sish sekinlashgan bo’lardi. Har bir yangi texnologiya o’sishni portlatmaydi — u 2 foizlik o’sishni yana 50 yil davom etishiga imkon beradi. Va bu texnologiyalar butun iqtisodiyotga singib ketishi uchun o’nlab yillar kerak.
Zaif halqa — hamma narsaning kaliti
Rivojlanish zanjiri qanchalik baquvvat bo’lmasin, u eng zaif halqasi chidagan joyda uziladi. Biznesda ham shunday. Yangi iPhone chiqarish uchun loyihalash, qismlarni yig’ish, ishlab chiqarishda aniqlikni ta’minlash, yetkazib berish, reklama — bularning bittasigina ishlamasa, qolganlarning qiymati nolga tushadi. Kosmik kema Challenger 25 dollarlik rezina halqa nosozligi sababli portlagan.
«Cho’ntagimdagi smartfonda 1970-yillardagi kompyuterlardan 100 million marta ko’p tranzistor bor. Lekin men tadqiqotda 100 million marta samaraliroq ishlay olmayapman. Nima uchun? Kompyuterim matritsalarni teskari aylantirish ishini zo’r qiladi, lekin qaysi ma’lumotni kiritish kerakligini, qaysi savolni berish kerakligini hali ham men o’ylab topishim kerak.» Inson — zaif halqa. Kompyuter qanchalik kuchaymasin, inson tezligi o’zgarmaydi.

Bu real raqamlarda qanday ko’rinadi? Kompyuterlar hamma joyda, lekin GDPning qancha foizi kompyuterlarga to’lanadi? 1990-yillarda dot-com eng yuqori cho’qqisi paytida bu raqam o’sdi va 2000-yilda 4,5 foizga yetdi. Lekin 2000-yildan keyin uchdan biriga tushdi — 3 foizga. Kompyuterlar ko’paydi, lekin narxi tushdi, va ular GDPdan kamroq ulush olmoqda. Zaif halqa modeli aynan shuni aytadi: kompyuterlar mo’l, inson kam va taqchil — shuning uchun qadr-qiymat insonda.
Biz 200 yildan beri iqtisodiyotni avtomatlashtirib kelganmiz — to’qimachilik dastgohlari, traktorlar, temir yo’l, kompyuterlar. SI ham shu zanjirning davomi bo’lsa, nima bo’ladi? Avval bitta oddiy savol: agar barcha dasturiy ta’minotni avtomatlashtirsak — cheksiz miqdorda dasturiy ta’minot (software) yaratsak — qanchalik boy bo’lamiz? Javob: atigi 2 foiz boyroq. Nima uchun faqat 2 foiz? Chunki software GDPning taxminan 2 foizini tashkil qiladi. Zaif halqalar boshqa hamma narsani cheklaydi. Bitta narsani cheksiz yaxshilash yetarli emas — barcha zaif halqalarni ketma-ket avtomatlashtirib chiqish kerak.

Model uchta yo’lni ko’rsatdi:
Binafsha yo’l — mashinalar hamma narsani, shu jumladan yangi g’oyalarni ham inson yordamisiz o’ylab topadi. Mehnat ulushi nolga tushadi, kapital ulushi 100 foizga chiqadi. O’sish portlaydi.
Yashil yo’l — deyarli hamma narsa avtomatlashadi, lekin 3 foiz vazifalar insonga qoladi. Magnus Karlsen shaxmat o’ynaydi, Messi futbol o’ynaydi — ba’zi narsalar faqat inson qiladi. Natija: 97 foiz cheksiz yaxshilansa ham, 3 foiz inson vazifalari butun tizimni cheklaydi. Mehnat ulushi 100 foizga chiqadi — inson taqchil, mashina mo’l.
Ko’k yo’l — o’rtacha. Kapital va mehnat ulushi barqaror qoladi — uchdan bir, uchdan ikki. O’sish sekin tezlashadi — 2 foizdan 2,3 ga, 2,6 ga, 3 ga. Oxir-oqibat yiliga 50 foizga yetadi — lekin buning uchun asrlar kerak. 2050-yilga kelib biz oddiy holatdagiga qaraganda atigi 4 foiz boyroq bo’lamiz. 2075-yilga — 15 foiz.
Uchta yo’l 200 yildan keyin bir-biridan butunlay farq qiladi. Lekin keyingi 75 yil ichida qaysi yo’lda ekanligingizni deyarli ajratib bo’lmaydi. Agar SI bugundan boshlab butun iqtisodiyotda Moore qonuni tezligida — yiliga 10 foiz — yaxshilana boshlasa nima bo’ladi? 2030-yilga kelib biz oddiy holatdagiga qaraganda 50 foiz boyroq bo’lamiz. 2050-yilga — o’sish yiliga 25 foizdan oshadi. Bu haqiqiy portlash.
Hatto eng agressiv holatda ham portlash 30 yil oladi. 2060-yilga qadar to’liq portlash boshlanmaydi. Nima uchun? Yana zaif halqalar. SI aqliy ishlarni tez bajarishi mumkin, lekin real dunyoda robotlar uchun qisqichlar yasash, zavodlarni qayta qurish, qonunlarni o’zgartirish — bularning barchasi SI tezligini jilovlab turadi.
SI iqtisodiyotni o’zgartiradi — bu aniq. Lekin ertaga emas. Kompyuterlar 100 million marta kuchaydi, biz esa 100 million marta boyimadik — chunki kompyuter tezlashgani bilan, unga nima qilish kerakligini hali ham inson o’ylab topishi kerak. SI ham xuddi shu joyda to’xtaydi: kod yozadi, tahlil qiladi, javob beradi — lekin zavod qurilishi, qonun o’zgarishi, robot qo’li ishlashi kerak bo’lgan joyda real dunyo o’z tezligida yuradi.
«Ular hamma narsa 3-5 yilda o’zgaradi deyishmoqda. Hatto mening eng agressiv hisob-kitoblarimda ham — SI sababli iqtisodiyotning chindan portlashi uchun kamida 30 yil kerak» — Chad Jones.
Maqola Stanford universiteti Biznes maktabi iqtisodiyot professori Chad Jonesning «A.I. and Our Economic Future» mavzusidagi ma’ruzasi asosida yozildi.
















