Bir paytlar millionlab dollar daromad qiladigan kompaniya ortida katta jamoa, ofis va o‘nlab xodimlar bo‘lishi kerak edi. Ammo Stripe ma’lumotlariga ko‘ra, platformada yiliga $1 mln.dan ortiq daromad qilayotgan yakka tadbirkorlar soni 2023–2025-yillarda ikki barobar oshgan. $10 mln.dan yuqori daromad qilayotganlar soni esa qariyb uch barobarga ko‘paygan. Bunga eng katta turtkilardan biri — sun’iy intellekt.
Bugun AI tadbirkor uchun dasturchi, marketolog, mijozlar bilan ishlovchi menejer, analitik yoki virtual yordamchi vazifalarini bajara oladi. Masalan, WSJ yozgan Ben Broca ismli tadbirkor AI vositalari yordamida kompaniyasining deyarli barcha operatsiyalarini o‘zi boshqarmoqda. Uning xizmatidan 10 mingga yaqin mijoz foydalanadi, kompaniya esa 2026-yilda $10 mln yillik daromadga chiqishni kutmoqda — bularning barchasi boshqa xodimlarsiz amalga oshirilmoqda.
AI uning uchun elektron xatlarga javob berish, kod yozish va xatolarni tuzatish, mijozlarga yordam berish, yangi obunachilarni ro‘yxatdan o‘tkazish va refundlarni boshqarish kabi vazifalarni bajaradi. Ilgari yangi mahsulot yaratish uchun dasturchi, dizayner, marketolog va savdo mutaxassislarini yollash kerak bo‘lardi. Bugun esa tadbirkor bir nechta AI vositalari yordamida bu funksiyalarning katta qismini o‘zi bajarishi mumkin.
Bu ayniqsa texnologik bizneslarda sezilmoqda. AQSh Census ma’lumotlarini tahlil qilgan Bank of America Institute ma’lumotlariga ko‘ra, yangi biznes arizalari ichida information sector eng katta o‘sishni ko‘rsatgan — bir yil ichida qariyb 45%. Shu bilan birga, xodim yollashni rejalashtirayotgan bizneslar ulushi ham kamaygan. Ya’ni yangi bizneslar ko‘paymoqda, ammo ularning barchasi katta jamoa bilan boshlanmayapti.
“Ko‘proq xodim = katta kompaniya” modeli o‘zgarishi mumkin
Har bir muvaffaqiyatli kompaniya endi yuzlab xodimlarga ega bo‘lishi shart emas. AI yordamida kichik jamoa katta hajmdagi mijozlarga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Hatto ayrim bizneslarda birgina asoschi mahsulot yaratishdan tortib marketing va mijozlarni qo‘llab-quvvatlashgacha bo‘lgan jarayonlarni boshqara oladi.
Harvard Business School tadqiqotchilari 50 mingta startapni o‘rganib, AI yo‘nalishidagi startaplar o‘rtacha 25% kamroq xodim bilan faoliyat yuritishga moyil ekanini aniqlagan.
Ammo bu “AI hammasini o‘zi qiladi” degani emas
Bir kishilik kompaniyalar haqidagi hikoyalar juda jozibali ko‘rinsa-da, AI biznesning barcha muammolarini hal qilmaydi. WSJ misollaridan biri buni ko‘rsatadi: Claire Vo dastlab mahsulotini yaratish, marketing, savdo va mijozlarga xizmat ko‘rsatishda AI’dan foydalangan. Ammo texnologiyaning o‘zi yetarli emas — sohadagi tajriba, ishonch va mavjud professional tarmoq ham muhim rol o‘ynagan.
Bundan tashqari, AI yordamida biznes yaratish osonlashgani sari raqobat ham kuchayadi. Bir kishi yaratgan mahsulotni boshqa bir kishi ham xuddi shunday vositalar yordamida tezda takrorlashi mumkin. Shuning uchun kelajakdagi ustunlik faqat AI’dan foydalanishda emas, balki AI bilan birga noyob mahsulot, brend, mijozlar bazasi va ekspertizani yaratishda bo‘ladi.
Stripe’dagi raqamlar butun iqtisodiyotdagi million dollarlik yakka bizneslarning umumiy sonini anglatmaydi. Ular Stripe platformasidagi bizneslar asosida shakllangan. Shunga qaramay, bu raqamlar AI yordamida kichik jamoalar bilan katta daromadga chiqish imkoniyati kengayayotganini ko‘rsatadi.
AI tadbirkorlikning kirish xarajatlarini pasaytirmoqda, biznesni ishga tushirishni tezlashtirmoqda va bir kishining imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirmoqda.
















