Xalqaro IT va venchur eksperti Alisher Hasanovning O‘zbekistondagi akseleratsiya faoliyati mahalliy startaplarning rivojlanishi, biznes modellarini takomillashtirishi va barqaror daromadga chiqishiga ko‘maklashmoqda. Dastur ishtirokchilari orasida yillik takrorlanuvchi daromadi (ARR) $500 mingdan $3 milliongacha yetgan kompaniyalar mavjud.
O‘zbekiston startap ekotizimida xalqaro tajribaga ega mutaxassislarni jalb qilish, mahalliy tadbirkorlarning biznes yuritish salohiyatini oshirish va istiqbolli texnologik kompaniyalarni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar kengayib bormoqda. Shunday tashabbuslardan biri xalqaro mentor, A9R Accelerator asoschisi Alisher Hasanovning O‘zbekistondagi akseleratsiya faoliyatidir.
Alisher Hasanov IT, texnologik tadbirkorlik va venchur investitsiyalar sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega mutaxassis hisoblanadi. U faoliyati davomida Yandex’ning Turkiya bozoridagi loyihalari, Rambler, Rutube hamda Rossiyaning yirik texnologik startap akseleratorlaridan biri — ФРИИ (IIDF) bilan ishlagan.
Shuningdek, umumiy bahosi $100 milliondan oshgan Codiplay, Kwaka va EasyTap kabi startaplarning rivojlanishiga hissa qo‘shgan. LegionFarm va DocsInBox singari texnologik kompaniyalarni masshtablashtirish jarayonlarida ham ishtirok etgan.
Alisher Hasanovning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish tashabbusi taxminan bir yil avval mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikda shakllangan.
Tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqaro bozorlarda shakllangan amaliy bilim va tajribani O‘zbekiston startap ekotizimiga olib kirish, mahalliy founderlarning barqaror va raqobatbardosh biznes qurishiga ko‘maklashishdan iborat.
Akseleratsiya natijalari: $500 mingdan $3 milliongacha ARR
Qisqa vaqt davomida Alisher Hasanov ishtirokidagi akseleratsiya dasturlarida bir qator istiqbolli O‘zbekiston startaplari qatnashdi. Ular orasida Asaxiy Invest, Verifix, Domo, AliPos, Darstop va boshqa texnologik loyihalar mavjud.
Akseleratsiya ishtirokchilari orasida yillik takrorlanuvchi daromadi $500 mingga yetgan kompaniyalar bilan bir qatorda, ushbu ko‘rsatkichni $3 milliongacha olib chiqqan loyihalar ham bor.
Bu natijalar O‘zbekiston texnologik kompaniyalarining tijoriy salohiyati va to‘g‘ri biznes yondashuvlari orqali rivojlanish imkoniyatlarini namoyon etadi. Dasturlarda asosiy e’tibor startaplarning real bozor muammolarini aniqlashi, mijoz ehtiyojlarini chuqur o‘rganishi, mahsulot va bozor mosligini topishi (product-market fit), savdo jarayonlarini shakllantirishi hamda barqaror daromad modelini yaratishiga qaratiladi.
Startap g‘oyadan emas, muammodan boshlanadi
Alisher Hasanovning tadbirkorlikka yondashuvidagi muhim tamoyillardan biri — startap yaratish jarayonini g‘oyadan emas, real muammodan boshlashdir. Ushbu yondashuvga ko‘ra, yangi mahsulot yaratishdan avval tadbirkor uchta asosiy savolga javob topishi kerak:
- Muammo qancha inson yoki kompaniya uchun dolzarb?
- Ushbu muammo ularning kundalik hayoti yoki biznes faoliyatiga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi?
- Mijozlar muammoning yechimi uchun pul to‘lashga tayyormi?
Bu savollar startaplarning texnologik yechim yaratish bilangina cheklanib qolmasdan, bozor talabiga mos va iqtisodiy jihatdan barqaror biznesga aylanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston startap ekotizimi uchun yangi imkoniyatlar
Xalqaro mentorlar va tajribali tadbirkorlarning mahalliy ekotizimga jalb etilishi nafaqat alohida kompaniyalar rivojlanishiga, balki mamlakatda tadbirkorlik madaniyatining shakllanishiga ham xizmat qilishi mumkin.
Ayniqsa, xalqaro bozorlarda ishlash tajribasi, biznesni masshtablashtirish, mijozlar bilan ishlash va daromad modellarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy bilimlar O‘zbekiston startaplari uchun muhim ahamiyatga ega.
Bunday tashabbuslar mahalliy founderlarning xalqaro standartlar asosida kompaniya qurishiga, mavjud biznes modellarini takomillashtirishiga va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishiga yordam beradi.
Startap ekotizimining rivojlanishi faqat yangi kompaniyalar soni yoki jalb qilingan investitsiyalar hajmi bilan emas, balki yaratilayotgan bizneslarning barqarorligi, daromadliligi va real iqtisodiy qiymati bilan ham baholanadi.
Alisher Hasanovning O‘zbekistondagi faoliyati xalqaro tajriba va mahalliy tadbirkorlik salohiyatini birlashtirishga qaratilgan amaliy tashabbuslardan biri sifatida e’tiborga molik.
Alisher Hasanov bilan suhbat
Startap qurish, haqiqiy bozor muammolarini aniqlash, mijoz ehtiyojlarini tushunish va muvaffaqiyatli texnologik kompaniya yaratish tamoyillari haqida Alisher Hasanov ishtirokidagi suhbatda batafsil ma’lumot olish mumkin.

















