AQShdagi o’nta avtotransport-brokerlik kompaniyasida ishlayotgan AI-operatsion tizim — TheCarGo Yoshlar Ventures va angel investorlardan $110,000 investitsiya jalb qildi. Loyiha yaqin oylarda ikkita yangi AI-agentni ishga tushirishni, yil oxirigacha esa AQSh investorlari yetakchiligida navbatdagi raundni ochishni rejalashtirmoqda.
Ko’plab AI mahsulotlari odatda yirik laboratoriyalar yoki nufuzli universitetlardan chiqqan mutaxassislar tomonidan yaratiladi. Ammo Ziyobek Turdiyevning yo‘li butunlay boshqacha boshlangan — telefon qo‘ng‘iroqlaridan. U ofitsiantlikdan ish boshlagan, o‘z mehnati evaziga birinchi kompyuterini sotib olgan. Aynan o‘sha kompyuter keyingi katta yo‘lning boshlanish nuqtasiga aylangan.
2019-yilda u AQShdagi avtotransport-brokerlik kompaniyasiga oddiy agent sifatida ishga kiradi. Ish jarayoni oson emas edi: mijozlarga doimiy qo‘ng‘iroqlar qilish, narxlarni kelishish, tashuvchilarni topish va bitimlarni yopish — bularning barchasi yuqori tezlik va kuchli stress talab qilardi. Ko‘plab yangi agentlar bir yilni ham to‘liq ishlay olmaydi. Lekin Turdiyev shu muhitda ishlashni davom ettirdi va sohaning har bir jarayonini ichidan o‘rgandi. Sotuv, dispetcherlik, muzokara va mijozlar bilan ishlash — u bu biznesning barcha qatlamlarini amaliy tajriba orqali egalladi.


2021-yilga kelib u boshqaruv darajasiga ko‘tarildi va 50 dan ortiq brokerlarni o‘qitdi. Keyinchalik AQShdagi ikkita avtotransport kompaniyasi — Mate Auto Transport va Ocean Blue Auto Transport — rahbari bo‘ldi. 2023-yilda uning jamoasi $350 000 dan ortiq sotuv amalga oshirdi, u esa operatsion jarayonlar va mijozlar bilan ishlashni bir vaqtning o‘zida boshqardi.
Kompaniyalarni boshqarish jarayoni murakkab bo‘lsa-da, asosiy muammo operatsion tizimlarning tarqoqligida edi. Oddiy bir ish kuni davomida jamoa o‘ntagacha bir-biriga ulanmagan platformalarda ishlashga majbur edi: CRM tizimlari, Super Dispatch, Central Dispatch, RingCentral, to‘lov tizimlari, Excel jadvallari, email va SMS. Hatto ba’zi jarayonlar hali ham qo‘lda yuritilardi. Natijada jarayonlar sekinlashar, mijozlarga javob kechikardi, eng yaxshi agentlar esa ortiqcha yuklama sabab ishdan ketardi.
Bir necha uyqusiz tunlardan so‘ng aniq bo‘ldi: muammo odamlarning ishlashida emas, balki jarayonlarning o‘zida edi. Yirik korporativ yechimlar juda qimmat va moslashuvchan emas edi, kichik soha uchun yaratilgan vositalar esa bir-biri bilan integratsiyalanmagan. Shu nuqtada bitta qaror shakllandi — yechim bo‘lmasa, uni yaratish kerak. Shu tariqa TheCarGo loyihasi boshlandi.
2023-yilda Ziyobek o‘z brokerlik tizimini CRM bilan integratsiya qilish ustida ishlayotgan paytda Baxtiyor Ergashev bilan tanishadi. Baxtiyor IT Park Uzbekistan’da tajriba orttirgan, maktabda informatika fanidan dars bergan hamda yirik loyihalarda software engineer va architecture engineer sifatida ishlagan mutaxassis edi. 2024-yilda hamkorlikni boshlashdi.
TheCarGo’ni boshqalardan ajratib turadigan eng muhim jihat — uning real muhitda yaratilgani. 2024-yilda loyiha hali faol brokerlik kompaniyasi ichida qurila boshlandi. Birinchi foydalanuvchilar ham ichki jamoa bo‘ldi. Har bir funksiya real mijozlar, real bosim va real operatsion sharoitda sinovdan o‘tkazildi.
Boshlanish jarayoni oson bo‘lmadi. Dastlabki dizaynlar Figma’da chizilgan bo‘lsa-da, tizim bir necha bor qayta qurildi. Birinchi jalb qilingan texnik jamoa kutilgan natijani bermadi va ishni qaytadan boshlashga to‘g‘ri keldi. Serverlar, dasturchilar va texnik vositalar uchun barcha xarajatlar shaxsiy mablag‘ hisobidan qoplandi. Brokerlik faoliyati davom etayotgan bo‘lsa ham, u o‘ziga maosh ajratmadi.
2023-yilga kelib loyiha uchun $20,000 ga yaqin mablag‘ sarflangan edi — bu esa to‘g‘ri yechimni topish zaruratini yanada kuchaytirdi. Bir muddat ular ikki yo‘nalishda parallel ishlashdi: kunduzlari brokerlikni boshqarish, kechasi esa mahsulot ustida ishlash. Lekin mijozlar soni oshgani sari bu modelni davom ettirish qiyinlashdi va 2026-yil aprel oyida ikkala founder ham to‘liq TheCarGo’ga o‘tish qarorini qabul qildi.
Jarayon bosqichma-bosqich shakllandi: 2024-yil iyul — MVP ishga tushirildi, 2025-yil mart — birinchi to‘lovchi mijoz qo‘shildi, 2025-yil oxiri — platforma qayta qurilib, to‘liq ishga tushdi. Birinchi mijoz — Roppy — Ziyobekning avvalgi jamoasida ishlagan va keyinchalik o‘z brokerlik kompaniyasini ochgan mijoz edi va u bugungi kungacha TheCarGo’dan foydalanib kelmoqda. Bugungi kunda TheCarGo AQShdagi o‘nta brokerlik kompaniyasiga xizmat ko‘rsatmoqda. Mijozlar endi Salesforce, Excel va alohida telefon tizimlaridan voz kechib, barcha operatsiyalarni bitta platformaga ko‘chirdi.
2026-yil iyun oyida TheCarGo Yoshlar Ventures va AQShlik angel-investorlardan jami $110,000 investitsiya jalb qildi. Bu mablag‘ platformaga ikkita yangi AI-agent qo‘shish, onboarding jarayonlarini avtomatlashtirish va jamoani kengaytirishga yo‘naltirilmoqda. Keyingi 6–8 oy ichida AQSh investorlari yetakchiligida yangi investitsiya raundi ochilishi rejalashtirilgan.
“Biz O‘zbekistondan turib AQShning logistika infratuzilmasini quryapmiz. Bu tashqaridan qaraganda paradoksdek tuyulishi mumkin, lekin aynan shu bizning kuchimiz — biz muammoni ichidan bilamiz,” — deydi asoschi Ziyobek Turdiyev.
TheCarGo faqat jarayondagi mahsulot emas. Founderlar uni AQSh avtotransport-brokerlik sanoati uchun infratuzilma darajasidagi platformaga aylantirishni maqsad qilgan. 2026-yilda jamoa bozorga yaqinroq bo‘lish uchun AQShga ko‘chishni rejalashtirmoqda — bu esa keyingi bosqichning boshlanishi bo‘lishi mumkin.

















