Yaqinda Comfi $65 millionlik Pre-Series A investitsiya raundini muvaffaqiyatli yakunlagani haqida xabar bergan edik. Endi kompaniya yana bir muhim bosqichni bosib o’tdi — Yango Ventures Comfi’ga strategik investor sifatida qo’shildi.
Mazkur investitsiya Yango Ventures uchun ham alohida ahamiyatga ega. Chunki Comfi fondning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika (MENA) mintaqasidagi ilk investitsiyasiga aylandi. Bu esa kompaniyaning biznes modeli, o’sish sur’atlari va mintaqadagi salohiyatiga bo’lgan ishonchni yana bir bor tasdiqlaydi.
O’zbekistonlik tadbirkorlar Sanjar Samiyev va Alisher Akbarov tomonidan asos solingan Comfi kichik va o’rta biznes uchun embedded finance infratuzilmasini rivojlantirmoqda. Platforma B2B Buy Now, Pay Later (BNPL), invoice discounting hamda dealer financing yechimlarini taklif qilib, korxonalarga aylanma mablag’larni to’g’ridan-to’g’ri biznes jarayonlari davomida jalb qilish imkonini beradi. Natijada moliyalashtirish uchun ketadigan vaqt bir necha oydan atigi bir kungacha qisqaradi.
Bugungi kunda Comfi MENA mintaqasida 1 000 dan ortiq korxonaga xizmat ko’rsatmoqda. Platforma orqali 15 mingdan ortiq invoice qayta ishlangan bo’lib, undan 4 mingdan ziyod moliyaviy mutaxassis foydalanmoqda.
Yango Group bosh direktori Daniil Shuleykoning ta’kidlashicha, kompaniyaning asosiy maqsadi rivojlanayotgan bozorlarda biznes infratuzilmasini mustahkamlashdan iborat. Uning fikricha, Comfi moliyalashtirishni bevosita tijorat jarayonlariga integratsiya qilish orqali korxonalarning aylanma mablag’larga tezroq kirishini ta’minlaydi va bu model turli bozorlarda muvaffaqiyatli ishlash salohiyatiga ega.
E’tiborlisi, Yango Ventures Comfi’ning avval e’lon qilingan $65 millionlik Pre-Series A investitsiya raundi ishtirokchilari qatorida ham bo’lgan. Endilikda fond ushbu investitsiyani alohida e’lon qilib, Comfi uning MENA mintaqasidagi ilk investitsiyasi ekanini rasman tasdiqladi.
Ushbu yangilik Comfi’ning mintaqadagi eng istiqbolli fintech startaplardan biri sifatidagi o’rnini yanada mustahkamlaydi. Shu bilan birga, o’zbekistonlik asoschilar tomonidan yaratilgan kompaniyaning xalqaro investorlar e’tiborini jalb etishda davom etayotgani va Yaqin Sharqda embedded finance ekotizimini rivojlantirishdagi muhim o’yinchilardan biriga aylanib borayotganini ko’rsatadi.

















